O'ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGANLIGINING 32 YILLIGI MUNOSABATI BILAN MIRZACHO`L TUMANI HOKIMI SHERZOD AXMEDOVNING BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Qadrli do'stlar!
Avvalambor, millatimiz ruhi, milliy g'ururimiz bo‘lgan o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o'ttiz ikki yilligi - 21 oktabr –“ O'zbek tili kuni” bayrami munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan tabriklayman.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo'lgan o'zbek tilining tarixi xalqimizning ko'p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g'alabalari bilan chambarchas bog'liqdir. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan shu ona tilimiz orqali jahonga o'z so'zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.
Ushbu qutlug' ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o'rinlidir.
Bu qonun xalqimizning o'z taqdirini o'zi belgilash yo'lidagi azm-u qarorining yorqin namoyoni bo'ldi. Oradan ikki yil o'tib, O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e'lon qilindi. Mamlakatimizning asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning o'zbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi.
Yurtimiz bo'ylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuyg'usini jo'sh urdiradi. O'zbek tili o'tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o'zaro bog'laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Qadrli vatandoshlar!
Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili – millat ma'naviyatining mustahkam poydevoridir. Ulug' ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta'kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko'rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir. Shu ma'noda dunyo hamjamiyatidan munosib o'rin egallashni maqsad qilib qo'ygan har qaysi davlat, avvalo, o'z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi.
Hozirgi vaqtda o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Bugungi kunda xalqaro maydonda obro'-e'tibori tobora yuksalib borayotgan O'zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo'shmoqda.
Har birimiz davlat tiliga bo'lgan e'tiborni mustaqillikka bo'lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz o'zimizdan, o'z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizni, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishimiz, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.
Muhtaram yurtdoshlar!
Ona tilimiz – millatimizning ruhi, tariximizning ko'zgusi, milliy ma'naviyatimizning asosidir. Shunday ekan, ona tilimizni e'zozlash, munosib hurmat hamda ehtirom ko'rsatish barchamizning muqaddas burchimizdir!
Aziz vatandoshlar!
Fursatdan foydalanib, yana bir bor sizlarni va butun xalqimizni o'zbek tili bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.