OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI TARIXIGA NAZAR
Oʻzbekiston SSR Adliya xalq komissarligi 1924-yil 26-noyabrda Revolyutsion komitetning qarori bilan Turkiston avtonom respublikasi Adliya xalq komissarligi negizida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekiston tarkibiga kirgan avvalgi Buxoro Amirligi, Xorazm va Qoʻqon xonligi davlatlarining hududida adliya idoralarining faoliyatini tartibga solish va muvofiqlashtirishdan iborat edi.
1925 yil 6 may kuni Oʻzbekiston Kengashining Markaziy Ijroiya qoʻmitasi Rayosati Adliya xalq komissarligi haqidagi Nizomni tasdiqladi. Bu Nizom yangi barpo etilgan Adliya xalq komissarligining tarkibi va vakolatlarini belgilab berdi. Nizomning 1-bandiga koʻra Adliya xalq komissarligiga umumiy rahbarlik; barcha sud muassasalari, prokuratura va tergov idoralari, notariat hamda sud ijrochilari faoliyatini tashkil etish va yoʻnaltirish; Sud xodimlarini lavozimlarga tasdiqlash; Er komissiyalari va sud vakolatiga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarning faoliyatini kuzatish; Himoyachilar hayʼatlarining faoliyatini kuzatish va aholiga yuridik xizmatni tashkil etish; Qonunchilik yuzasidan Oʻzbekiston Markaziy Ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarligi Kengashiga kiritiladigan barcha takliflarni birlamchi koʻrib chiqish; Qonunchilikka amal qilinishini nazorat qilish; Amaldagi qonunlarni sharhlash, respublika qonun va hukumat qarorlarining toʻplamlarini nashr etish yuklatilgan.
Adliya xalq komissarligi uchta asosiy: Sud tuzilishi va nazorati, Prokuratura hamda Qonunchilikka takliflar kiritish boʻlimlaridan iborat boʻlib, Adliya xalq komissari bir vaqtning oʻzida respublika Xalq komissarligi Kengashining taqdimnomasiga binoan Markaziy ijroiya qoʻmitasi tomonidan tayinlanadigan va vazifasidan ozod qilinadigan respublika Davlat prokurori boʻlib ham hisoblangan. 1926 yil 22 dekabrda Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligi haqidagi Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan, 1931 yil 11 oktabrda esa keyingi yillarda sud va prokuratura idoralarining tarkibi va vazifalari oʻzgarishi munosabati bilan takomillashib borgan yangi Nizom qabul qilindi.
30-yillarning boshlarida Adliya xalq komissarligi Prokuratura, Oliy sud, tashkiliy-instruktorlik boʻlimi, mehnat-tuzatish muassasalari boshqarmasi va umumiy boʻlimdan iborat boʻlgan. Respublika prokurori, Oliy sud raisi va mehnat- tuzatish muassasalari boshqarmasining boshligʻi Adliya xalq komissarining oʻrinbosarlari boʻlib hisoblangan.
Adliya xalq komissari respublika hududida yagona sud siyosatini amalga oshirish, barcha adliya idoralarining faoliyatini tashkillashtirish va unga umumiy rahbarlik qilish, mansabdor va jismoniy shaxslar harakatlarining qonuniyligi ustidan nazorat olib borish bilan shugʻullangan. U jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi barcha tergov idoralarining faoliyatini boshqargan, jinoyatchilik va unga qarshi kurash usullarini oʻrgangan. Respublikadagi maxsus sud idoralarining faoliyati hamda mehnat-tuzatish amaliyoti ustidan nazorat olib borish ham Adliya xalq komissarligining zimmasida boʻlgan.
Prokuratura 1936 yilga qadar Adliya xalq komissarligining tarkibida boʻlgan. Sobiq Ittifoq Markaziy ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarlari Kengashining 1934 yil 27 oktabrdagi qaroriga asosan Adliya xalq komissarligining tizimida boʻlgan mehnat-tuzatish muassasalari Ichki ishlar xalq komissarligining tarkibiga oʻtkazilgan. 1934 yil 10 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarlari Kengashi tomonidan Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligi, Prokuratura va Oliy sudning tarkibini bir qadar oʻzgartirgan “Sud va prokuratura idoralarini qayta tashkil etish va mustahkamlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Bu paytga kelib Adliya xalq komissarligi Prokuratura, Oliy sud va boʻlimlardan iborat edi.
Sobiq Ittifoq Markaziy ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarlari Kengashi tomonidan 1936 yil 20 iyulda qabul qilingan “SSRI Adliya xalq komissarligini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qarori markazlashtirilgan sud va prokuratura tizimini yaratishda yakunlovchi hujjat boʻlib xizmat qildi.
1936 yilning 8 dekabr kuni ittifoq Markaziy ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarlari Kengashi tomonidan Adliya xalq komissarligi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sud boshqaruvi vakolatlaridan ozod qilindi va respublikadagi oliy sud nazorat instansiyasi boʻlib qoldi. Barcha prokurortura-tergov idoralari Adliya xalq komissarligi tarkibidan chiqarildi. Sobiq Ittifoq Adliya xalq komissarligi zimmasiga sud idoralarining faoliyatini tashkil etish va boshqarish yuklatildi.
Ushbu Nizomga asosan Oʻzbekiston Adliya Xalq komissarligini ikki oʻrinbosarga ega boʻlgan Xalq komissari boshqardi. Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligining tizimida sud idoralari, aholiga huquqiy yordam koʻrsatish va sud himoyasi boʻlimlari, notariat sektori, respublika qonunlarini mujassamlashtirish boʻlimi, huquqiy maslahatxona va hokazolar faoliyat koʻrsatdi. Bundan tashqari respublika Adliya xalq komissarligi sud ijrochilari faoliyatini boshqardi hamda nazorat qildi, sud statistikasini tashkil etdi va olib bordi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida adliya idoralari tizimida jiddiy oʻzgarishlar boʻlmadi, ammo ayrim boʻlimlar faoliyati respublika maʼmuriy-hududiy boʻlinishidagi oʻzgarishlar va harbiy vaqt xususiyatlaridan kelib chiqib takomillashdi.
Oʻzbekiston Oliy Kengashi Rayosatining 1956-yil 7-avgustdagi “Mehnatkashlar deputatlari viloyat Kengashlari qoshidagi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining boshqarmalarini tugatish haqida”gi Farmoniga asosan respublika Vazirlar Kengashi oʻzining 1956 yil 6 noyabrdagi qarori bilan respublika Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi yangi Nizomni tasdiqladi. Yangi Nizomga binoan Oʻzbekiston Adliya vazirligi bevosita respublika Vazirlar Kengashiga boʻysungan. Vazirlikda vazir, uning oʻrinbosarlari va bir nechta rahbar xodimlardan iborat hayʼat faoliyat koʻrsatgan. Hayʼat yigʻilishlarida sud va adliya idoralarining ishini amaliy boshqarish, ijroni tekshirish, kadrlarni tanlash, eng zarur buyruq va yoʻriqnomalarni tayyorlash kabi masalalar hal qilingan.
1959 yil 23 martda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati “Viloyat va xalq sudlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish” maqsadida Adliya vazirligini tugatdi. Viloyat va xalq sudlarining ishini tekshirish, ularning barcha faoliyati ustidan nazorat qilish huquqi hamda sud statistikasini olib borish majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuklatildi. Bunday qayta tashkil qilish oqibatida yuqori sud instansiyalari sud boshqaruvini ham amalga oshirdi.
Respublika Vazirlar Kengashining 1959 yil 27 martdagi Qarori bilan uning huzurida Yuridik komissiya tashkil qilinib, bu komissiya zimmasiga qonunlarni mujassamlashtirish, hukumat topshiriqlariga koʻra Vazirlar Kengashiga kiritilgan normativ xususiyatga ega qonun hujjatlari va hukumat qarorlari loyihalarini dastlabki koʻrib chiqish yuklatilgan.
Ammo keyinchalik davlat qurilishi amaliyotiga bunday yuzaki yondashuv xato ekanligi va qonun hujjatlarini tayyorlash sifatiga, malakali huquqshunos kadrlarning salohiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatganligi maʼlum boʻldi. Shu sababli SSRI Oliy Kengashining Rayosati 1970 yil 31 avgustda “SSRI ittifoq-respublika Adliya vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmonni qabul qildi. Unga asoslanib 1970 yil 1 oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati ham Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligini tashkil qildi. Respublika Vazirlar Kengashining 1972 yil 27 sentyabrdagi Qarori bilan Adliya vazirligining Nizomi tasdiqlandi.
Adliya vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlariga tashkiliy rahbarlik qilish, qonunlarni mujassamlashtirish, qonunlar yuzasidan takliflarni tayyorlash, xalq xoʻjaligida huquqiy ishlarga uslubiy rahbarlik qilish, davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining huquqiy bilimlarni targʻibot qilish, aholi oʻrtasida qonunlarni tushuntirish ishlarini uslubiy boshqarish va muvofiqlashtirish, notariat, fuqarolik holati aktlarini qayd etish, advokatura idoralariga hamda Toshkent sud ekspertizasi ilmiy-tekshirish institutiga umumiy rahbarlik qilish amalga oshirildi.
70-80-yillarda adliya rahbariy idoralarining tarkibi va vakolatlarida jiddiy oʻzgarishlar roʻy bermadi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan sudlar faoliyatini tashkiliy taʼminlash amalga oshirildi. Bu faoliyat davomida sud idoralarini tashkil etish, adliya va sud idoralari xodimlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyish va tarbiyalash, sudlarning odil sudlovni amalga oshirishlariga yetarli sharoit yaratish, sudyalar va xalq maslahatchilari saylovchilar oldida hisobot berishlarini tashkil etish masalalari hal etildi, viloyat, tuman, shahar sudlarida, adliya idoralari va muassasalarida ishlarni tashkil qilinishi tekshirib borildi.
Bu davrda Adliya vazirligi va uning joylardagi idoralari boshqa huquqni himoya qilish idoralari bilan hamkorlikda ayrim toifadagi jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyotini oʻrgandi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrdi. Xususan, mulkni talon-taroj qilish, poraxoʻrlik va chayqovchilik, harakat xavfsizligi qoidalarini buzish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti, mulkni roʻyxatdan chiqarish ishlari yuzasidan sud-prokurorlik amaliyoti umumlashtirildi, huquqni muhofaza qilish idoralarining davlat va jamoat mulkini talon-taroj qilish, hisobotlarga qoʻshib yozish va chayqovchilikka qarshi kurash ishlari tekshirildi, davlat mulkini talon-taroj qilish ishlari yuzasidan moddiy zararni undirish borasidagi maʼmuriy va moliya idoralari faoliyatining ahvoli oʻrganildi.
Adliya vazirligi hayʼati bir necha marotaba vazirliklar, idoralar, tashkilot va muassasalardagi huquqiy xizmatning ayollar va voyaga yetmaganlarning mehnatini muhofaza qilish borasidagi ishlarini muhokama etdi. Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishini oldini olish ishlarida huquqiy vositalardan samarali foydalanish muammolari vazirlik, respublika adliya organlarining diqqat markazida boʻldi. Adliya organlari xodimlari aholi oʻrtasida qonunlarni keng targʻib qildilar.
Adliya va sud idoralari faoliyatining samaradorligini oshirish ularning ish sharoiti va moddiy-texnik taʼminotiga koʻp jihatdan bogʻliq edi. Bu idoralar mahalliy byudjetga katta daromad keltirishgan, ammo ularni taʼminotiga mahalliy idoralar mablagʻ bermagan, respublika byudjetidan esa oz miqdorda pul mablagʻlari ajratilgan. Koʻp sudlar, notarial va FHDYo idoralari avariya holatidagi yoki faoliyatiga moslashtirilmagan binolarda joylashgan. Qogʻoz, yozuv mashinkalari, orgtexnika, mebel jihozlariga yetishmovchilik sezilgan, ishlovchilar soni esa meʼyoridan deyarli ikki marotaba kam boʻlgan.
1991 yilda Oʻzbekiston xalqi davlat mustaqilligiga erishdi. Uning tarixiy ahamiyati shundan iboratki, avvalo inson omilining ustuvorligi, davlat mustaqilligi tamoyillari tan olindi, xalqparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish kabi maqsadlar qoʻyildi.
Huquqiy davlat qurish jarayonida respublikamiz umumhuquqiy idorasi sifatida Adliya vazirligining mavqei oshmoqda. Adliya idoralarining oʻrni va masʼuliyatini oshirish, qonun ijodkorligini faollashtirish, aholiga huquqiy yordam koʻrsatishni yaxshilash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 1992 yil 8 yanvarda “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-314-sonli Farmonni qabul qildi. Bu Farmon asosida 1992 yil 12 noyabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida”gi 523-sonli qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyati tartibga solindi hamda Adliya vazirligining markaziy apparat tarkibi va yangi Nizom tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qonunchilik ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida 2003 yilning 27 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 370-sonli Qarori qabul qilindi.
Adliya vazirligi davlat boshqaruv organi hisoblanadi, faoliyati xususiyatiga koʻra bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va huquqiy holati boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, notariat va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) idoralari, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi, Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik instituti, Toshkent yuridik kolleji, TDYuI huzuridagi Akademik litsey, „Adolat“ nashriyoti hamda Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi kiradi.
Vazirlikni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan vazir boshqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy va eng muhim vazifasi qonunchilik ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashdan iboratdir.
2011 yilda mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, bir soʻz bilan aytganda, barcha sohalarini izchil demokratik yangilash va yanada liberallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Prezidentimizning 2010 yil 12 noyabrdagi Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish” konsepsiyasi dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur Konsepsiyada qonunchilik talablariga rioya qilish va qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha adliya organlarining rolini yanada kuchaytirishga doir yangi huquqiy mexanizmlarni oʻrnatadigan hujjatlarni amalga tatbiq etishga oid takliflar bildirilgan edi. Mazkur takliflar adliya organlari faoliyatining yangi davrini boshlab berdi, deyishimiz mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3666-sonli Qarori bilan bu boradagi faoliyat yanada takomillashtirildi. Mazkur Qaror bilan tasdiqlangan Nizomda Adliya vazirligining jamiyat va davlat boshqaruvini takomillashtirishdagi roli belgilab berilgan.