Телефонлар:
(0372) 312-21-11
(0372) 312-14-44
» » KORRUPSIYA - QONUNGA XILOF PUL DAROMADLARI

KORRUPSIYA - QONUNGA XILOF PUL DAROMADLARI

29 январь 2022 йил
6 433
0

Demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan bir vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etilishi hokimiyatning obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hokimiyatga nisbatan norozilikka sabab bo‘ladi. Korrupsiyaning ma’lum bir mamlakatda rivojlanishi esa o‘sha davlatning tanazzuliga olib keladi.

Korrupsiya bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turi hisoblanadi. Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi. Ammo, umuman olganda, davlat amaldorlarigina emas, balki, davlat tashkilotida ishlamaydigan fuqarolar ham korrupsiyaga doir munosabatlarning ishtirokchilari bo‘lishi, pora pul emas, balki boshqa narsa evaziga ma’lum xizmatni amalga oshirishlari mumkin.

Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi “buzish, pora evaziga og‘dirish” degan ma’noni anglatadigan lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan. Yuridik ensiklopediya mualliflarining ta’kidlashicha, “korrupsiya – mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir.

Darhaqiqat, korrupsiya – ildizlari davlat xizmatini tashkil etishdagi nuqsonlarga va davlat xizmatchilarining o‘ziga xos psixologiyasiga borib taqaladigan ijtimoiy hodisa. Bu korrupsiyaga qarshi avvalo ma’muriy-huquqiy va tashkiliy-boshqaruv chora-tadbirlari ko‘rilishi zarurligidan darak beradi.

Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. “Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.

Malakatimiz rahbari “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”1 nomli ma’ruzasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan fuqarolik jamiyat institutlari nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasida jamotchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunni2 qabul qilish fursati yetganligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish fuqarolik jamiyatini barpo etishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi. Zotan, fuqarolarning faolligi, ijtimoiy hodisalarga befarq bo‘lmasligi hamda har bir davlat xizmatchisining o‘z faoliyatini jamoatchilik nazorati ostida ekanligini chuqur his etib borishi fuqarolik jamiyatini mustahkamlashning muhim shartidir. Buni davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, biz davlatning nazorat funksiyalarini qancha kuchaytirsak, nazorat bilan shug‘ullanuvchi davlat tuzilmalari va organlarini qancha ko‘paytirsak, amaldorlarning zo‘ravonligi va korrupsiya shuncha avj olaveradi. Shuning uchun biz jamoatchilik nazoratini, davlat faoliyati, shu jumladan uning kuch ishlatuvchi tuzilmalari faoliyati ustidan ham jamiyat nazoratini har tomonlama kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Bu masalada bundan boshqa muqobil yo‘l yo‘q. Shu ma’noda aytganda, “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunini qabul qilishning ahamiyati beqiyosdir.

Umuman, jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat hokimiyati organlariga muayyan qarorlarni qabul qilish bo‘yicha murojaat etish, davlat hokimiyati organlari vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha so‘rovlarni amalga oshirish, davlat hokimiyati organlari va mahallalar hududlaridagi korxona va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish kabi shakllarda yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Qolaversa, bugungi kunda davlat Dasturlari talablarining fuqarolar yig‘ini hududidagi ijrosini ta’minlashda jamoatchilik guruhlarini tuzish va o‘rganish, natijalari bo‘yicha tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari hisobotlarini eshitish va shu orqali aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, mahalliy davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashish tadbirlari samarali olib borilmoqda. Bu esa, jamoatchilik nazoratining jamiyatda ijtimoiy adolatning qaror topishi, shaxs, jamiyat va davlat aloqalarida muvozanat, tenglik, o‘zaro mas’uliyat va javobgarlikka xizmat qiluvchi asosiy omil ekanidan dalolatdir.

Bugungi kunda respublikamizda jinoyatchilikning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, fosh etilgan korrupsiyachilar qattiq jazolanmoqda. Mamlakat ichidagi jinoyatchilik doimo davlat tomonidan qattiq nazorat qilib boriladi. Jinoyatchilik keng avj olib ketishiga va korrupsiyachilar domiga ilingan amaldorlarning beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator uzoq muddatli chora-tadbirlar ishga solingan. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi.

Jinoyatni jazolashdan ko‘ra, uni oldini olish singari profilaktik tadbirlarning yo‘lga qo‘yilishi qay darajada oqilonaligi allaqachon isbotlangan. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2-moddasida jinoyatlarning oldini olish jinoyat qonunining asosiy vazifalaridan biri sifatida bejiz belgilab qo‘yilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bugungi kunda mazkur yo‘nalishda qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, soha mutaxassis va ekspertlarining fikrini o‘rganish, amaldagi qonunlarimizni monitoring qilish va xorij tajribasini izchil tahlil qilish bo‘yicha bir qator ishlarni olib bormoqda. Eng muhimi, davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarning to‘la-to‘kis ijrosini ta’minlash maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tushuntirish ishlari o‘tkazayapti.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymizki, bunday ma’naviy buzilish holatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Shunday ekan, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari bunday illatni oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakatigina samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.

 

Ulug’bek SIDDIQOV,

Najmiddin MAMADALIYEV

Mirzacho‘l tuman Yuridik markaz

bosh yuriskonsultlari

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар