O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING 2022-YIL 28-YANVARDAGI 2022 — 2026-YILLARGA MO‘LJALLANGAN YANGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI TO‘G‘RISIDA FARMONINING MAZMUN MOHIYATI
Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida:
Keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi hamda qator islohotlarni amalga oshirish maqsadida ustuvor yo‘nalishlar belgilanib olindi.
Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilanib olindi.
I.Qurbanov
Do‘stlik tumanlararo iqtisodiy
sudi raisi