“O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 47-moddasi haqida. Mulk huquqi
FUQAROLAR VA TADBIRKORLIK SUB`EKTLARINING UY-JOY BILAN BOG`LIQ MULK HUQUQI KAFOLATLANISHI TA`MINLANGAN
Ma`lumki, so`ngi yillarda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va investisiya loyihalarining samarali amalga oshirilishi doirasida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo`lgan bino va inshootlar joylashgan er uchastkalari olib qo`yilishi munosabati bilan mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlanishi ta’minlandi.
Bu xususan mamlakatimiz bosh qomusi bo`lmish O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 47-moddasida ham har kim uy-joyli bo`lish huquqiga egaligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko`rgan zararlarning o`rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi, davlat uy-joy qurilishini rag`batlantiradi va uy-joyga bo`lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanishida o`z aksini topdi.
Xo`sh, endilikda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning va ko`rgan zararlarning o`rni qanday qoplanishi qanday bo`ladigan bo`ldi va buni amalga oshirish mexanizimi qanaqa?
Agar, O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga e’tibor qaratadigan bo`lsak, er uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo`lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo`yicha va taraflar kelishuviga ko`ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo`lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo`lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to`lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek er uchastkasiga bo`lgan huquqning bozor qiymati to`liq hajmda to`lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki er uchastkasiga bo`lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki er uchastkasiga bo`lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo`lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensasiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki er uchastkasiga bo`lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki er uchastkasiga bo`lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo`lgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmasligi belgilanganligini ko`rishimiz mumkin.
Jumladan mazkur kafolatlar O`zbekiston Respublikasining "Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida"gi Qonuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 avgustdagi "Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so`zsiz ta’minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi F-5491-sonli Farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi "Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo`yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlarni qoplash bo`yicha markazlashtirilgan jamg`armalar mablag`larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to`g`risida nizomni tasdiqlash haqida"gi 1047-son qaroriga muvofiq ravishda ta’minlash mexanizimi yaratildi.
Albatta, bunda muhtaram Prezidentimizning "Xalq rozi bo`lsa, ishimizda unum va baraka bo`ladi" - degan tamoilni hayotga tadbiq etib, qonunchiligimizda fuqarolarning huquq va manfaatlarini kafolatlovchi normalar aks ettirilishidagi mehnatlari diqqatga sazovordir.
Muhammadi Jo`rayev
Jinoyat ishlari bo`yicha
Mirzacho`l tuman sudi raisi