Телефонлар:
(0372) 312-21-11
(0372) 312-14-44
» » Qonunchilikda da`vo muddati tushunchasi va uni qo‘llash asoslari

Qonunchilikda da`vo muddati tushunchasi va uni qo‘llash asoslari

28 октябрь 2024 йил
30
0

Da'vo muddati | gurlan.uz

Muddatlar fuqarolik huquqi institutlaridan biri sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini vujudga keltiradigan, o‘zgartiradigan va bekor qiladigan yuridik faktlar jumlasiga kirib, fuqarolik muomalasi ishtirokchilari huquqlarining amalga oshirilishi va muhofaza qilinishiga, majburiyatlar bajarilishini ta’minlashga, fuqarolik huquqi sub’ektlari o‘rtasida kelib chiquvchi nizolarning oldini olishga hamda qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Da’vo muddati deb, shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘ladigan muddatga aytiladi. Da’vo muddati sub’ektiv huquq va majburiyatlarini himoya etishi uchun shaxsga beriladigan so‘nggi imkoniyatdir. Bu vaqt oralig‘ida shaxs o‘z huquqlarining amalga oshirilishini talab qilmasa, ularni yo‘qotadi.

Qonunchilikka ko‘ra, umumiy da’vo muddati – 3 yil.  Ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy da’vo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus da’vo muddatlari belgilanishi mumkin.

Qonunchilikda maxsus da’vo muddatlari ham mavjud bo‘lib, bu turdagi nizolarga da’vo muddati turli xil belgilangan.

Misol uchun, yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilanadi:

ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy;

xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil;

boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy.

Xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.

Oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda ham da’voning turiga qarab o‘ziga xos da’vo muddatlari belgilanadi.

-umumiy ko‘chmas mulkdan er yoki xotin roziligi olinmasdan tasarruf etilgan bo‘lsa, bitimni haqiqiy emas deb topish uchun – 1 yil,

-tug‘ilishni yozish daftarchasida otasi yoki onasining belgilanishi bo‘yicha sud tartibida e’tiroz – 1 yil,

Buzilgan huquqni himoya qilish talabi da’vo muddatining o‘tganligidan qat’i nazar, sudda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.

Da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qo‘llanadi.

Da’vo muddati shaxs o‘zining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan o‘ta boshlaydi.

Muayyan ijro muddatiga ega bo‘lgan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati ijro muddati tamom bo‘lganidan keyin o‘ta boshlaydi.

Ijro etish muddati belgilanmagan yoki talab qilish payti ijro etish muddati bilan belgilangan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati kreditorda majburiyatni bajarish to‘g‘risida talab qo‘yish huquqi paydo bo‘lgan vaqtdan o‘ta boshlaydi, bordi-yu, qarzdorga bunday talabni bajarish uchun imtiyozli muddat berilsa, da’vo muddati imtiyozli muddat tamom bo‘lganidan keyin hisoblana boshlaydi.

Regress majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati asosiy majburiyat bajarilgan paytdan o‘ta boshlaydi.

Sud da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Da’vo muddatini o‘tkazib yuborish sabablari da’vo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatida yuz bergan bo‘lsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.

Qonunchilikka ko‘ra, da’vo muddatining o‘tishi agar da’vo qo‘zg‘atilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan favqulodda hodisa (engib bo‘lmas kuch) to‘sqinlik qilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli, agar da’vogar yoki javobgar harbiy holatga o‘tkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qo‘shinlari va ichki qo‘shinlar tarkibida bo‘lsa,  agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari bo‘lmasa, tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatining amal qilishi to‘xtatilgan bo‘lsa,  mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilgan taqdirda to‘xtatiladi.

Shuningdek, da’vo muddati shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, omonatchilarning o‘z omonatlarini berish to‘g‘risida bankka qo‘yadigan talablariga, fuqaroning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga, jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga, mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining o‘z huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etish haqidagi talablariga, mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega bo‘lgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho ob’ektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga joriy qilinmaydi.

Xulosa qilib aytsak, da’vo muddatlarining belgilanishi tashkilot va fuqarolarning huquq va manfaatlarini qo‘riqlashga, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni mustahkamlashga, sudlar tomonidan esa fuqaroviy nizolarni qonuniy va adolatli hal etish, ish yuzasidan haqiqatni aniqlash, xolislikni ta’minlash hamda asosli qarorlar qabul qilishda muhim o‘rin tutadi va katta yordam beradi.

 

Dj.Esanov

Jizzax viloyat sudining

sudyasi                                                                                            

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар