O‘zbekistonda raqamli dalillar tizimini takomillashtirish yo‘lida muhim qadam
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarni ta’minlash, adolatli sudlov tizimini shakllantirish yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda, qonun hujjatlarini raqamli muhitdagi talablarga moslashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
2024 yilning 27 avgustida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 24 oktabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ana shu maqsadga qaratilgan.
Raqamlashtirish jarayoni barcha sohalarda jadal kechayotgani bois, jinoyatlar va huquqbuzarliklarni elektron muhitda sodir etish holatlari ortib bormoqda. Bunday vaziyatda raqamli dalillarni qonuniy asosda to‘plash, mustahkamlash, saqlash, baholash va ulardan foydalanish tartibini belgilash orqali fuqarolar hamda tashkilotlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish talab etiladi.
Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslariga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga raqamli dalillar tushunchasini, ular bilan bog‘liq ishlar tartibini belgilashga qaratilgan o‘zgartishlar kiritildi.
Qonunga ko‘ra, raqamli dalillar sifatida quyidagilar tan olinadi:
• elektron fayllar;
• audio va videoyozuvlar;
• internet tarmog‘idagi ma’lumotlar;
• boshqa elektron ma’lumotlar.
Raqamli dalillarning nusxalarini olishda ularning yaxlitligi va asl holati saqlanishi ta’minlanishi kerak. Bu raqamli dalillar qonuniy kuchga ega bo‘lishi va ish uchun asos bo‘lishida muhim ahamiyatga ega.
Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar fuqarolar va tashkilotlar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlaydi. Masalan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan elektron ma’lumotlar egalariga darhol qaytarib beriladi. Bundan tashqari, shaxsiy elektron ma’lumotlarni olish va tintuv qilish faqat qonunga va sud qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qonunchilikda raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy asoslari yaratilishi quyidagi imkoniyatlarni beradi:
1. Sud jarayonlarida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish.
2. Taraflar teng huquqliligi va tortishuv prinsiplarini kuchaytirish.
3. Adolatli sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirish.
Shuningdek, “Notariat to‘g‘risida”, “Hakamlik sudlari to‘g‘risida” va “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunlarga raqamli dalillarni guvohlantirish va tekshirish tartibini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekistonning raqamli davr talablariga mos qonuniy muhit yaratish yo‘lidagi bu qadami mamlakatda adolatli sudlov tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Raqamli dalillar bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlar joriy etilishi fuqarolar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda yangi imkoniyatlar yaratib, jamiyatda qonuniylik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
A’zam Sayfitdinov
Jizzax viloyat ma’muriy sudining sudyasi
Муҳокамага қўшилинг
Тавсия этамиз:
06 декабрь 2024, Пятница
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan yangi normalar va ularning ahamiyati
01 апрель 2024, Понедельник
O‘zbekiston Respublikasining 19.02.2024-yil 19 fevraldagi O‘RQ–909-sonli Qonuni mazmun-mohiyati haqida
30 ноябрь 2023, Четверг
Investitsiyaviy va raqobatga oid nizolar sudlar tomonidan ko‘rishning mazmun mohiyati
Изоҳлар (0)