Korxona yiliga 10 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega. Dastlab korxonani xomashyo bilan ta’minlash masalasi muammo edi. O‘zbekistonda o‘sha paytda kvars qumi, soda, dolomit va boshqa shu kabi foydali qazilmalar qazib olinmasdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xomashyo muammosinng hal etilishida dasturilamal vazifasini bajardi. Ushbu qarordan so‘ng ishlab chiqarish uchun uzluksiz xomashyo yetkazib berishni tashkil qilish borasida nafaqat Jizzax viloyatida, balki butun mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirildi.
“Mingyuan Silu Industry” korxonasiga zarur bo‘lgan xomashyolar – Zarafshon yaqinidagi karerdan kvars qumi, Qo‘ng‘irot va Nukusdan soda, Qashqadaryo viloyatidan dolomit, Jizzax viloyatining o‘zidan ohaktosh olib kelinmoqda. Oyna ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyolardan faqat maxsus bo‘yoq hozircha Xitoydan keladi.
– Bu yerda barcha ishlar to‘liq kompyuter orqali boshqariladi, – deydi korxona ishchisi R.G‘ulomjonov. – Bizning asosiy vazifamiz uni kuzatishdan iborat. Unumli mehnat qilishimiz uchun barcha qulaylik yaratilgan. Ish 3 smenada tashkil etilgan. Ishchi-xizmatchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan. Ishga kelib-ketish, ovqatlanish va hordiq chiqarishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Hozir 220 nafar yosh daromadli ish o‘rni bilan ta’minlangan.
Mahsulotlarning tayyorlanish jarayonlarini kuzatamiz. Avval mahsulot maydalanib, aralashma holiga keltiriladi. So‘ng maxsus pechlarda 1600-1700 gradus haroratda eritiladi. So‘ndirilgan shishaga turli shakllarda bezak berilib, sovitish tarmoqlarida tayyor oyna holiga keltiriladi. Buyurtmachining talabiga qarab turli ranglar ham beriladi. Belgilangan o‘lchamlarda qirqilib, tayyor mahsulot holiga keltiriladi.
–Ishimizdagi muhim jihatlardan biri bu xomashyo turlarining 90 foizi mahalliy mahsulotlarimizdan olinayotganidir, deb o‘ylayman. Ayni paytda korxonamizda bir sutkada 400 tonna bezakli oyna ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 60 foizi ichki bozorga, qolgan 40 foizi Rossiya, Markaziy Osiyo va yevropalik hamkorlar talabiga qarab, tashqi bozorga ham yetkazib berilmoqda, – deydi korxona ish yurituvchisi B.Nuriddinov.
“Ming Yuan Silu Industry” zavodi korxona va tashkilotlarni, shuningdek, mamlakatimizning aholisini ham yuqori sifatli oynalar bilan ta’minlamoqda. Bu O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yorqin namunasidir. Qolaversa, Jizzax viloyatining iqtisodiyotida tobora kengroq o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan mazkur loyiha bir necha kun muqaddam Jizzaxda yangi sanoat texnoparkining barpo etilishiga va O‘zbekiston – Xitoy davlatlari hamkorligidagi 25 ta memorandumning imzolanishiga ham katta turtki berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Korxonani aylanib, unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni kuzatib, ishchi-xizmatchilar bilan suhbatlashib, bir narsaga amin bo‘ldim. Ikki davlat o‘rtasida tashkil etilayotgan qo‘shma loyihalar mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadi.