O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi hamda unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta’qib etiladi.
Firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda va tekin qo‘lga kiritishda ifodalanib, buning ta’sirida mulkdor (uning vakili), mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat beradi.
Firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega bo‘lmagan shaxsni aldash va undan mulkini olish firibgarlik tariqasida emas, balki o‘g‘irlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.
Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g‘ayriqonuniy egaligiga o‘tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga ko‘ra, shaxs bankdagi pul mablag‘larini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (o‘tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo‘lganligi tufayli, jinoyat bu mablag‘lar ularni mablag‘ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga o‘tkazilgan paytdan tugallangan deb topiladi.
Qonunga ko‘ra fuqarolar mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj miqdoridan qat’iy nazar kelib chiqadi. Ayni paytda, talon-toroj miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan har bir holda, basharti sodir qilingan jinoyat ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kirsa, surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning shaxsiga va moddiy zarar qoplanishiga oid ma’lumotlarni inobatga olgan holda JK 65, 66, 70, 71-moddalarini qo‘llash masalasini muhokama etishlari shart.
Boshqa shaxs tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan holda firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlari JK 168-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK 228-moddasi uchinchi qismi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi, chunki bunday holda hujjat aybdor tomonidan o‘z maqsadiga erishish uchun aldash vositasi sifatida foydalanilgan bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasida firibgarlik jinoyati uchun jazo chorasi belgilangan.
Unga ko‘ra, firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) ancha miqdorda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) ko‘p miqdorda; b) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; v) xizmat mavqeidan foydalangan holda; g) axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli residivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Muxammadi Jo‘rayev
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining raisi
скачать dle 12.0