Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Jizzax viloyatida xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirish va loyihalarni ishga tushirish, shuningdek hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli o‘rganilmoqda.
Xususan, joriy yilning 17 oktyabr kuni ishchi guruh tomonidan Mirzacho‘l tumanidagi “Mirzachul Agroklaster Group” MCHJning agroklaster tashkil etish loyihasi, “Navaye Flour Mill” MCHJning un ishlab chiqarishni tashkil etish va “Inter Group Agroeksport” MCHJning gazoblok ishlab chiqarish loyihalari bilan joyida tanishildi.
O‘rganishlarda, loyiha tashabbuskorlarining faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar birma-bir tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ul idoralarga tegishli topshiriqlar berildi va ijrosi alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, Mirzacho‘l tumanidagi 18-sonli maktabda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan to‘garak faoliyati bilan tanishilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan Do‘stlik tumanidagi kriminogen vaziyatga ko‘ra “qizil toifa”ga kirgan “Sanoatchilar” MFY beshligi faoliyati bilan tanishib, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida samarali hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Ishchi guruhning Jizzax viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.