Yurtimizda, ayniqsa, xotin-qizlarga har tomonlama ko‘maklashish, ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay daromad manbaalarini yaratishga ustivor ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, Mirzacho‘l tuman 1-sektor hududidagi “Yangidala” qishloq fuqarolar yig‘inida ham mehnatga layoqatli yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, mahallaning “Ko‘kdala” ko‘chasi 8-uy. 2-xonadonda istiqomat qiluvchi “ayollar daftari”ga kiritilgan Nigora Xusmatova yoshligidan hunarmandchilikning to‘quvchilik, tikuvchilik turlariga qiziqishi yuqori bo‘lgani bilan to‘quv dastgohlari, to‘qimachilik uchun zarur mahsulotlar olishga imkoniyati bo‘lmagandi. Sektor rahbari va hokim yordamchisining ko‘magi bilan mazkur oilaning holati, tadbirkorlikka qiziqishi va imkoniyatlari o‘rganib chiqilgandan so‘ng, Nigora joriy yilning fevral mart oylarida Marg‘ilonga a’lo baxmal adras to‘qishni o‘rganishga hunarmandlar oilasiga 2 oy muddatga yuborildi. May oylarida mahalladagi 8-umumta’lim maktabining bo‘sh binosidan joy ajratilib, faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi uchun imtiyozli ravishda Nigoraga to‘quv dastgohi olib berildi. Ayni paytda 5 nafar shogirdni tarbiyalab, mahalladagi ishsiz xotin-qizlarga o‘z hunari sirlarini o‘rgatmoqda.
Joriy yilning 17 noyabr kuni Mirzacho‘l tumani, 1-sektor hududida joylashgan "Yangidala" QFYdagi a’lo baxmal adras to‘qish, choponchilik, quroqchilik, kashtado‘zlik hamda tikuvchilik faoliyatlarini namunali yo‘lga qo‘yib, shuning orqasidan oilasining daromadiga munosib hissa qo‘shayotgan Nigora va mahalladagi boshqa tadbirkor xotin-qizlar bilan tuman hokimi Sh.M.Axmedov boshchiligida sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va yordamchilari, mahalla faollari, hamda ta’lim muassasalari direktorlari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda tuman rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish maqsadida ikkinchi xorijiy til va kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti joriy etilishi yuzasidan PF-27-son Farmoni ijrosi bo‘yicha tumanda olib borilayotgan ishlar hamda hududdagi har bir mahallada mana shunday hunarmandchilik bilan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, hunarmandchilikning ayni paytda dolzarb yangi turlarini olib kirish orqali mahallalardagi yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, faoliyatlarini yanada jonlantirish yuzasidan hokim yordamchilari va mahalla raislariga tegishli topshiriqlar berib o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda, tumandagi 1 sektor tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar xotin-qizlar muammolarini hal etish, ayniqsa yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash ularni kambag‘allikdan chiqarishda yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.
Maqsad, ularning bandligini ta’minlash orqali daromadli qilish. Ayollarni band qilish orqali oilalar farovonligiga erishishdan iborat.