Qonun ustuvorligini ta`minlash va sud huquq tizimidagi islohotlari bo`layotgan bir vaqtda shuni ta`kidlash kerakki, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta`minlash bo`yicha muhim chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirildi.
Jumladan, mamlakatimizni demokratik yangilashning hozirgi bosqichdagi muhim yo`nalishlaridan biri - qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirishdan iborat. Zero, sud - odil sudlovning oliy nuqtasi va uning rolini oshirish huquqiy davlat barpo etish yo`lidagi qonuniy jarayon, aynan shunday yondashuv tufayli bu sohadagi ishlar ko`lami, miqiyosi va samaradorligi keyingi davrda nihoyatda kengayib, yangi bosqichga ko`tarilmoqda 2001 yildan boshlab huquqni qo`llash va sud amaliyotiga yarashuv instituti kiritilgan sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo`ldi. O`lim jazosi bekor qilinib, uning o`rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etilgani mamlakatimizda sud-huquq tizimini erkinlashtirish va yanada insonparvarlashtirish yo`lidagi yana bir muhim qadamlardan biri bo`ldi.
Dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish, mazkur sohada sud faoliyatini liberallashtirish bo`yicha ham keng ko`lamli chora-tadbirlar ko`rildi. Bu borada «Xabeas korpus» institutining joriy etilishi, ya`ni 2008 yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqining sudlarga o`tkazilishi, lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudьyaning sanktsiyasi asosida qo`llash amaliyoti joriy qilinganligi printsipial qadam bo`ldi. Bu fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo`yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz ekani, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo`yishga hech kim haqli emasligi haqidagi konstitutsiyaviy norma amalda ro`yobga chiqishining yaqqol ifodasidir.
Bundan tashqari, jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan ehtiyot choralarining doirasi kengaytirildi. Ya`ni, uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasi joriy etilib, shaxsga nisbatan uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash va uning muddatini uzaytirish sudlar vakolatiga berildi, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining jazo tizimiga alohida turdagi jazo sifatida ozodlikni cheklash jazosi kiritildi.
E`tirof etish kerak, davlatimiz rahbarining sudlar tomonidan hukm qilingan mahkumlarni afv etish to`g`risidagi Farmonlari xalqimizning insonparvarlik, bag`rikenglik, kechirimlilik kabi o`ziga xos qadriyatlarining chin ma`nodagi yuksak namunasi bo`lmoqda. Bunga joylarda mazkur hujjatning mazmun-mohiyatiga bag`ishlab o`tkazilayotgan tadbirlar, aholi bilan bevosita muloqotlarda oddiy odamlar bildirayotgan minnatdorlik so`zlari yaqqol misol bo`la oladi.
Bundan ko`zlangan maqsad - faqat mahkumlarni yoki bilib-bilmay jinoyatga qo`l urgan shaxslarni jazodan ozod qilish emas, balki ular tufayli jabr tortadigan har bir oila va oila a`zolari, ayniqsa, o`sib kelayotgan o`g`il-qizlarning kelgusi taqdirini hamda ularning kelajagini turli salbiy ta`sir va jiddiy sinovlardan himoya qilishdan iboratdir.
Uzoqqa bormasdan, so`nggi yillar davomida sud-huquq sohasini isloh qilish borasida amalga oshirilgan islohotlarga to`xtalsak.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarib, O`zbekistonda inson huquq va erkinliklarini to`liq hamda ishonchli himoya qilishni ta`minlash borasida yangi davrni boshlab berdi.
Jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta`minlash, sud muhokamasini adolatli va o`z vaqtida o`tkazish, jazoning adolatli va insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator o`zgartishlar kiritildi.
“Xabeas korpus” instituti qo`llanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf jo`natmalarini xatlab qo`yish va eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini o`tkazishga sanktsiya berish bo`yicha vakolatlari sudlarga o`tkazildi. Bu o`zgartishlar insonning shaxsiy huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo`yishga hech kim haqli emasligi haqidagi O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda xalqaro huquqning umume`tirof etilgan printsip va normalariga to`la mos keladi.
Sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish bo`yicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etish, sudlarning jinoyat protsessidagi rolini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida sud tomonidan jinoyat ishini qo`shimcha tergovga qaytarish institutining bekor qilinganligini alohida ta`kidlash joiz.
Shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini qayta ko`rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish, sud protsessi muddatlari va sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi ortiqcha oraliq instantsiyalarni bartaraf etish maqsadida viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta ko`rish bo`yicha bir-birini takrorlovchi instantsiyalari tugatilib, o`z navbatida tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilindi.
Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko`rib chiqishga vakolatli bo`lgan yangi sud tizimi, ma`muriy sudlar shakllantirildi.
Sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayotganligi hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelayotganligi, shuningdek, sudьyalarni moddiy ta`minlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obro`siga, sudьyalar mustaqilligi printsiplariga muvofiq emasligi kasbiy o`sishni yanada rag`batlantirishga to`sqinlik qilib, kadrlar qo`nimsizligiga olib kelayotganligi inobatga olinib, 2018 yil 13 iyulda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” Farmoni qabul qilindi. 2020 yilning 24 iyulь kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi Farmon sohada olib borilayotgan islohotlarning davomi bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi "Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarib, O`zbekistonda inson huquq va erkinliklarini to`liq hamda ishonchli himoya qilishni ta`minlash borasida yangi davrni boshlab berdi desak, mubolag`a bo`lmaydi.
А.J.Karajanov
Jizzax tumanlararo
ma`muriy sudi sud`yasi