Bugungi kunda odam savdosi bilan bog`liq holatlar asrimizning jiddiy muammosiga aylandi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 13-moddasida O`zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko`ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” deyilgan.
Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni bu boradagi vaziyatdan ogoh etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kun talablaridan kelib chiqib, targ`ibot va tashviqot tadbirlarini o`tkazishga alohida e’tibor qaratish lozim bo`ladi.
Odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g`ayriqonuniy va g`ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi kechirib bo`lmas jinoyatdir.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida “Odam savdosi” jinoyatlari uchun jazo choralari belgilangan.
Jumladan, Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish - uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha harakatlar:
a) o`g`irlash, zo`rlik ishlatish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo`llash orqali; b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan; g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo`lgan shaxsga nisbatan; d) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; e) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; j) xizmat mavqeidan foydalangan holda; z) jabrlanuvchini O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o`tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda; i) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo`ygan, yashirgan yoxud yo`q qilib yuborgan holda; k) inson a’zolarini va (yoki) to`qimalarini olish maqsadida sodir etilgan bo`lsa; besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha harakatlar:
a) o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa; b) jabrlanuvchining o`limiga yoki boshqa og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa; v) o`ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa; g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa, - sakkiz yildan o`n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Odam savdosi jinoyati aksariyat hollarda oson va ko`p pul topishligini va’da qilish va boshqa aldov usuli bilan amalga oshiriladi, fuqarolar bu kabi aldov gaplarga uchmasliklari va yuqoridagi holatlarni aslo yoddan chiqarmasliklari lozim.
Muxammadi Jo`rayev
Jinoyat ishlari bo`yicha
Mirzacho`l tuman sudi raisi