O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi, 55-moddasida esa har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi belgilangan.
Mulkiy huquqni amalga oshirish turli manfaatlarning o‘zaro to‘qnashuvi bilan uyg‘un holda yuz berishi sababli uningo qibatlari nizoli holatlar yuzaga kelishi ehtimolini istisno etmaydi.
Darhaqiqat, jamiyat hayotida shaxslar o‘rtasidagi mulkiy xarakterda bo‘lgan, ya’ni mol-mulkni egallash, undan foydalanish va uni tarassuf etish bilan bog‘liq munosabatlar asosiy o‘rin tutadi, bunday munosabatlarga albatta kim bilandir goh u yoki bu shaklda bo‘lsin, har kuni duch kelinadi.
Ayniqsa, ko‘chmas mulklarni xususiylashtirish, sotish, ijaraga berish, hadya qilish, meros sifatida birovga qoldirish, garovga qo‘yish, birgalikdagi umumiy mulkni taqsimlash yoki undan o‘z ulushini ajratib olish kabi munosabatlar nisbatan murakkab jarayon bo‘lganligi uchun fuqarolar yoki yuridik shaxslar mazkur sohada ko‘proq xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishadi.
Shu toifadagi nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushayotgan arizalarni ko‘rib chiqishda ham tegishli qonun hujjatlarida o‘ziga xos tartib-qoidalar, protsessual xatti-harakatlar belgilanganki, taraflar ularni yetarli darajada bilmasalar, o‘z mulkiy huquqlarini sudda himoya qilishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasida ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularningbirgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Shuningdek, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi.
Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi. Xususan, er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.
Er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilayotganligini anglatadi.
Er-xotindan birining umumiy mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan amalga oshirgan bitimi boshqasining bunga roziligi bo‘lmaganligi sababligina bildirgan talabiga binoan va faqat bitimni amalga oshirgan ikkinchi tomon amalga oshirilgan bitim yuzasidan er (xotin) rozi emasligini oldindan bilgani yoki bilishi lozim bo‘lganligi isbotlangan hollarda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Er (xotin) o‘zining nomiga rasmiylashtirgan umumiy ko‘chmas mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Ko‘rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir.
Er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Dj.Esanov
Jizzax viloyat sudi
sudyasi