Atrof tillarang tusga kirib, tabiatning yana bir fasli – oltin kuz kirib keldi, yoz bo‘yi miriqib dam olgan o‘g‘il-qizlar yana maktab tomon yo‘l olishdi.
To‘rtinchi sentyabr – Bilimlar kuni o‘quvchilarni o‘z bag‘riga chorladi. Boshlangan yangi o‘quv yilida Mirzacho‘l tumani maktablarining 1-sinflariga 875 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Barcha ta’lim muassasalari singari 12-umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yilining boshlanishi – Bilimlar kuni tadbiri "Bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!" shiori ostida bo‘lib o‘tdi.
Ipak yo‘li QFY, 1-sektor hududidagi 12-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbirida, Mirzacho‘l tumani hokimi, 1-sektor rahbari Botirjon Mirzaqulov ishtirok etdi hamda o‘z tabrigini yo‘lladi.
376 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktabning 1-sinflariga bu yil 35 nafar jajji o‘g‘il-qizlar qabul qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Mirzacho‘l tumanidagi barcha maktablar o‘z bag‘riga 9301 nafar o‘quvchini qabul qildi.
"Birinchi qo‘ng‘iroq" bayram tadbiri davomida tuman hokimi, 1-sektor rahbari Botirjon Mirzaqulov 12-umumta’lim maktabidagi o‘quv jarayonlari, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, "Mustaqillik" darslarida ishtirok etdi. Unda O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimiz hayotidagi ahamiyati, tinchlikni ta’minlash, mamlakatimizning jahon miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidladi.
Qolaversa, o‘quvchilarga maktab davrida yaxshi o‘qib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi haqida suhbat qilindi. Chet tillarni o‘rganish, kompyuter texnologiyalari va aniq fanlarni chuqur o‘rganish lozimligi alohida qayd etildi.
Mirzacho‘l tumani hokimligi
Matbuot xizmati