Savol:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsmen) qanday shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasiga ko‘ra, vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega. Vakil uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishining yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi bo‘lsa, qabul qiladi.
Shuningdek, yuqoridagi Qonunning 11-moddasiga ko‘ra, vakil arz qiluvchiga o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi maʼlum bo‘lib qolgan paytdan eʼtiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bo‘lsa, o‘z shikoyati bo‘yicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan eʼtiboran bir yil davomida berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati Vakil tomonidan tiklanishi mumkin.
2. Murojaat larni ko‘rib chiqish muddatlari qanday.
Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga ko‘ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.
3. Qaysi holatlarda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasiga ko‘ra, quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.
Murojaatlar ko‘rmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi. Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash tartibi qanday amalga oshiriladi.
Javob: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunining 18–22-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish: umumiy tartibda; soddalashtirilgan tartibda; alohida tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:
a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo‘lsa;
b) fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan eʼtiboran va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan bo‘lsa;
v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
g) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu modda birinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan shart O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda bo‘lgan va nikoh tuzilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda, agar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatga chiqqan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:
a) O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan loaqal bitta o‘zidan oldingi qarindoshga ega bo‘lsa;
b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
v) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
g) davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.
Ushbu modda birinchi qismining “a” bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega bo‘lgan vatandoshga va (yoki) uning oila aʼzolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi. Qabul qilingan qaror asosida shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish to‘g‘risida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi bo‘lgan davlat fuqaroligidan chiqadigan bo‘lsa. Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin. Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablari qo‘llanilmagan holda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.
Agar ilgari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxsning fuqaroligi ushbu Qonun 25-moddasi birinchi qismining “a” va “g” bandlariga muvofiq yo‘qotilgan bo‘lmasa, u O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqiga ega. Iltimosnomada O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilish sabablari ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish ushbu Qonunning 19, 37 va 38-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini bir martadan ortiq tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
5. Ota-onaning bolalariga to‘laydigan aliment miqdori sud tomonidan qanday tartibda belgilanadi.
Javob. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-100-moddalariga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shartdir.Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona o‘rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
6.Qanday holatlarda aliment miqdorini kamaytirish yoki to‘lashdan ozod qilish mumkin.
Javob. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 105-moddaasiga ko‘ra, aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq taʼminlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogiron bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq taʼminotida bo‘lsa, sud aliment to‘layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni to‘lashdan ozod qilish uchun asos bo‘lgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.
7.Er uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlarii uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan uyi (kvartirasi) buzilishi lozim bo‘lgan fuqarolarni turar joy bilan taʼminlash yoki ularga yakka tartibda uy-joy berish qanday amalga oshiriladi.
Javob: O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 27-28-moddalariga ko‘ra, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.
Yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga uch yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylarning (kvartiralarning), imoratlarning, inshootlarning va ko‘chirib tashlangan dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bozor qiymatlari o‘rtasidagi farqlar to‘liq hajmda qoplanadi.
8. Intizomiy jazosi bor xodimga bayram uchun mukofot bersa bo‘ladimi?
Javob. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.
Bayram sanalari bilan beriladigan mukofotlar mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydi va mehnat natijalariga asoslanmaydi.
❗️Qonunga ko‘ra, ish beruvchi xodimni bayram kunlari taqdirlamoqchi bo‘lsa, MK 315-moddasi 3-qismiga ko‘ra, intizomiy jazoni istalgan vaqtda olib tashlashga haqli.
Intizomiy jazoning amal qilish muddati u qo‘llanilgan kundan eʼtiboran
1 yildan oshmasligi kerak.
9. Mahalla faoliyatida faol ishtirok etayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lanadi
Javob. Hukumat qarori (99-son, 23.02.2021-y.) bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlarini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2021-yil 1-martdan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha BHMning 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lanishi belgilandi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etayotgan ko‘chaboshi va uyboshilar faoliyati samaradorligi bir qator asosiy ko‘rsatkichlar orqali baholanadi.
Mazkur shaxslar faoliyatini baholashda ular biriktirilgan ko‘cha yoki uyda kamida 3 oy davomida faoliyat ko‘rsatganligi inobatga olinadi va mezonlardan kelib chiqqan holda 70 balldan yuqori ball to‘plagan taqdirda to‘lanadi.
Kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lanishi ko‘chaboshi va uyboshilar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etmasa muddatidan oldin to‘xtatiladi.
10, Nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti
Javob. Mehnat kodeksining 427-moddasiga muvofiq, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmasligi lozim.
Shuningdek, ular uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin 6 kunlik ish haftasida — 6 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 7 soat-u 30 daqiqadan ortib ketmasligi kerak.
Mirzacho‘l tuman adliya bo‘limi
скачать dle 12.0