Телефонлар:
(0372) 312-21-11
(0372) 312-14-44
» » Xalqaro maydonda mamlakatimizning ortga qaytmas islohotlar dasturi yuqori baholanmoqda

Xalqaro maydonda mamlakatimizning ortga qaytmas islohotlar dasturi yuqori baholanmoqda

21 сентябрь 2023 йил
110
0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrif doirasida 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino, “Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesser va kompaniyaning Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari Rza Nuriyev, AQSHning eng yirik “Citigroup” moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Janni Infantinoni 2023 yilgi futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston va FIFA o‘rtasidagi samarali sheriklik alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Futbolni rivojlantirish va yoshlarni keng jalb qilish bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda FIFAning yirik xalqaro tadbirlarini, shu jumladan, ayollar va o‘smirlar o‘rtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Federatsiya rahbari O‘zbekistonni 2024 yilda ilk bor FIFA shafeligidagi futzal bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi bilan tabrikladi va uning yuqori saviyada o‘tkazilishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shuningdek, Janni Infantino yurtimizda ommaviy va professional futbolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va ta’lim bazasini yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi.

“Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesser va Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari Rza Nuriyev bilan uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari AQSHning ushbu konsalting kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik korxonalarning boshqaruvini maqbullashtirish loyihalarida faol ishtirok etayotganini qayd etdi. O‘tgan yili Toshkent shahrida “Boston Consulting Group”ning ofisi ochildi.

Suhbatda sun’iy intellekt salohiyatidan foydalangan holda Bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks strategiyani, sanoatni rivojlantirish dasturini hamda O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish “master rejasi”ni birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Investorlar bilan O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga uzviy bog‘lagan holda ishlash samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish va energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

AQSHning eng yirik “Citigroup” moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari O‘zbekiston banklari va davlat korxonalari obligatsiyalarining xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishiga ko‘maklashgan korporatsiya bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston yetakchisi “Citigroup”ning mamlakatimizda “Citibank” sho‘’ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, mamlakatimiz kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

AQSH korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlarini ko‘rsatgan holda “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Ajay Banga bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ajay Bangani Jahon banki guruhi prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi hamda uning rahbarligida bank rivojlanayotgan mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga faol ko‘maklashishni davom ettirishiga ishonch bildirdi.

Xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko‘magini kengaytirish, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikatsiyalar, suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish hamda Transafg‘on temir yo‘lini qurish kabi strategik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Ajay Banga, o‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bankning eng yirik hamkor-benefitsiarlaridan biri hisoblanadi, so‘nggi olti yilda qo‘shma loyihalar portfeli besh barobardan ziyodga kengaydi.

2026 yilga qadar davrga mo‘ljallangan va jami 4 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik dasturi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar bilan muzokaralarda O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari yil boshidan 75 foizga o‘sganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shu davrda yuk tashish hajmi 50 foizga oshdi, 20 ta yangi qo‘shma korxona ochildi.

Davlatimiz rahbari Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlarni yaratish ishlarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. To‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va turizm sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish borasida birgalikda harakat qilish muhim ekani qayd etildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi yakunlandi

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар