Sharof Rashidov tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi qad ko‘tarmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
Viloyatda ilgari hech bunday keng ko‘lamli qurilishlar bo‘lmagan edi. So‘nggi yillarda o‘nlab zavodlar ishga tushirildi, yangi sanoat tarmoqlari paydo bo‘ldi. Shunga yarasha ijtimoiy infratuzilma ham barpo etilmoqda.
Sharof Rashidov tumanining bu hududi adir yonbag‘ri, undan deyarli foydalanilmas edi. Hozir 140 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Loyiha uch bosqichli bo‘lib, 3 ming 936 xonadonli 105 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Uylar 9, 12 va 16 qavatli bo‘lib, bu ham Jizzax sharoitida yangilik.
Ayni paytda birinchi bosqich doirasida 204 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy, markaziy qozonxona, shourum va ichki yo‘llar qurilgan. Yana 16 ta turar joy, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo markazi bunyod etiladi. “Inno texno park” aholini ish bilan ta’minlashda qo‘l keladi.
Ikkinchi bosqich 2026-, uchinchisi 2028-yillarga reja qilingan. Bunda uylardan tashqari mahalla markazi, poliklinika, masjid, mehmonxona, bolalar va sport o‘yingohlari, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etiladi. Bo‘sh maydonlarga ham daraxtlar ekilib, xiyobonga aylantiriladi.
Davlatimiz rahbari bu yil rejalashtirilganiga qo‘shimcha uylar qurib, imtiyozli ipoteka kreditlari orqali aholiga xarid imkoniyatini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shunga mutanosib ravishda infratuzilma tarmoqlari, maktab, bolalar bog‘chasi kabi ijtimoiy muassasalar qurilishini jadallashtirish, savdo va xizmatlarni, jumladan, yo‘l bo‘yida umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Jizzax viloyatida uchta shunday massiv barpo etilmoqda. Ularda 4 ming 700 xonadonga ega 156 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Aholi barcha ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlanadi. “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurish harakati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi farmoniga muvofiq boshlangan. Umuman, mamlakatimizda 53 ta massivda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 14 ming 400 ta xonadonli 409 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda bunday massivlarda 31 ming 447 ta xonadondan iborat 767 ta turar joylar qurilishi belgilangan.
manba: jizzax.uz