Mirzacho‘l tumanida kuzgi shudgorlash ishlariga hamda dala chetlariga ko‘chat ekishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi
Dono xalqimizda “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda”, degan naql bor. Qishloq xo‘jaligi mahsulotaridan yuqori hosil yetishtirishni ko‘ngliga tukkan dehqon, albatta yerni kuzda sifatli tarzda shudgorlashga alohida e’tibor qaratadi.
Mazkur muhim agrotexnik tadbirga Mirzacho‘l tumanida ham alohida hozirlik ko‘rilmoqda. Shu maqsadda, bugun viloyat va tuman hokimligi tomonidan kuzgi shudgorlash ishlariga hamda dala chetlariga ko‘chat ekishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. “Mirzacho‘l” SIUdagi “Jenis” fermer xo‘jaligida dala maydonida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hamda tuman hokimligi mutasaddilari, viloyat qishloq xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi, agroinspeksiya, klaster korxonasi, tumandagi barcha turdagi fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirok etishdi. Unda kuzgi shudgorlash ishlarini tez va qisqa muddatlarda yakunlash, yerni belgilangan chuqurlikda haydash bilan bog‘liq masalalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminarda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O.Sh.Ashurmatov, viloyat chigirtkaga qarshi kurashish xizmati rahbari I.P.Umrzaqov, Qishloq xo‘jaligi boshqarma boshlig‘i B.X.Boboqulov, Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori X.Maqsadov, viloyat Agroxizmat bo‘lim boshlig‘i A.Umurzaqov, g‘allachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Gʻ.Xoldorov, Mirzacho‘l agroklaster direktori A.Ochilovlar kuzgi shudgorlashning qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati, bu borada Mirzacho‘l tumanida amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 121-sonli “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan dala chetlariga ko‘chat ekish va yetishtirish bo‘yicha hamda 2024 yil hosili uchun kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berib, seminar ishtirokchilariga o‘z tavsiyalarini aytib o‘tdilar.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilda Mirzacho‘l tumanida 15 ming 408 gektar yer maydonida kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Tumanda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar 2024 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumida qatnashayotgan yuqori unumli haydov traktorlari 49 ta haydov traktorlari jalb qilingan bo‘lib, mavsum boshidan beri 1143 gektar yer maydoni sifatli tarzda shudgor qilib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 13 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda bugungi kunda jami 519 ta fermerlar faoliyat olib borib, dala chetlari uzunligi 8980 km ni, maydoni 867 ga ni tashkil etadi. 2023-2024 yil mavsumida dala chetlariga 3,304 ming dona ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib seminar davomida dala maydonlari chetiga ko‘chat ekish, tutzorlar tashkil etish, shuningdek, tok ko‘chatlari va qalamchalarini ekishda ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashildi. Akademik Maxmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Jizzax ilmiy tajriba stansiyasi tomonidan 2,5 ming dona olma, nok, gilos, tut, terak, qayrag‘och, eman, kashtan, dub kabi ko‘chatlar yetqazib berilib, har bitta fermer 2 donadan ko‘chat sotib olib, dala chetlariga ekishdi.
Darhaqiqat, yerga ko‘chat qadash bir xayrli va foydali ish bo‘lsa, to unib-o‘sib ketguncha uni parvarishlash, vaqtida sug‘orish bu savobning ikkinchi katta qismidir. Shuning uchun ham Mirzacho‘lning jazirama issig‘ida ko‘chatlar qurib qolmasligining choralari hozirdan ko‘rish muhim ahamiyat kasb etishi yuzasidan tajribali dehqonlar, soha mutasaddilari tomonidan kerakli tavsiyalar, tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.