ODAM SAVDOSI-GLOBAL MUAMMO
Dunyo xalqlarining jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash barchaning e'tiborida qolmoqda.
Jinoyatchilikning bu mudhish turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega bo'lgan hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, "Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to'g'risida"gi Konventsiya (1949 yil), "Qullik va qul savdosini, qullikka o'xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to'g'risida"gi qo'shimcha Konventsiya (1956 yil), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konventsiyani to'ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to'xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to'g'risida"gi bayonnoma (2000 yil) shu toifadagi halqaro huquqiy hujjatlar xisoblanadi.
Bundan tashqari, odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to'g'risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a'zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo'ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga oid milliy qonunchiligimizda ham o'zgarishlar bo'lmoqda. Xususan, 2019-2020 yillarda mazkur yo'nalishlardagi faoliyatni tartibga solish maqsadida 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, XMT va Xalqaro migratsiya tashkilotining 6 ta Konventsiya hamda protokollari ratifikatsiya qilindi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
BMTning statistik ma'lumotlariga ko'ra, odamlar kamida 127 mamlakatdan sotuvga chiqmoqda va ular 137 davlatda ekspluatatsiya qilinmoqda. Har yili turli hisob-kitoblarga ko'ra, 20-40 million kishi quldorlikning zamonaviy shakli qurboniga aylanyapti.
Mazkur muammoning aniq ko'lamini bilish juda ham qiyin, zero, jinoiy faoliyat yashirin sodir etiladi. Aniq statistika mavjud emas, buni yuritib ham bo'lmaydi. Xalqaro darajada odam savdosi qurbonlarining atigi 0,04 foizigina aniqlangan.
Afsuski, dunyo bo'ylab shuncha keng qamrovli amaliyot, tegishli targ'ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya'ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, qizlar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi judayam achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo'layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma'lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o'zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo'may daromad ilinjida og'ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT ma'lumotiga ko'ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo'yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo'li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Bugungi kunda dunyoda odam savdosini uchta keng turqalgan turi mavjud bo'lib, bular: jinsiy ekspluatatsiya (foxishabozlik), majburiy mehnat va odam a'zolarini sotishdir.
Jinsiy ekspluatatsiya uchun asosan ayollar (shu jumladan qizlar) sotiladi. Ma'lumotlarga ko'ra, ayollarning 72 foizi shu maqsadda sotilar ekan.
Majburiy mehnatga jalb qilinganlarning asosiy qismini esa erkaklar tashkil qilar ekan. Bu ko'rsatgich 85,7 foizni tashkil qilishi odam savdosidan jabr ko'rgan erkaklarning aksariyati majburiy mehnat orqali amalga oshirilishini ko'rish mumkin.
Odam a'zolarini sotish jinoyati esa juda ham ko'zga tashlanmaydigan odam savdosini turi bo'lib, odam savdosi “tovarlari” umumiy sonining 1 foizdan ko'p bo'lmagan qismini tashkil qilar ekan. Bu turdagi “tovarlar”ning yillik savdosi 1 mlrd. dollardan ortiq miqdorni tashkil qilishi jinoyatning mazkur toifasi ham jiddiy muammo ekanligini tasdiqlaydi.
Bu jinoyatlarning asosiy sababi, tag zamiriga nazar tashlasak, ma'naviy qashshoqlik, ochko'zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo'yish va nafsiga qul bo'lishlikni ko'ramiz.
Mana shunday iflos, jirkanch jinoyat bizning mamlakatimizni ham chetlab o'tmayapti. Afsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda, buni ommaviy axborot vositalari ko'rib, eshitib turibmiz. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qat'iy choralar ko'rishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr ko'rgan hamyurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qo'ymoqda.
Huquq ustuvor bo'lgan davlatimizda inson huquqlarini, qonunlar himoyasini amalga oshiruvchi organlar borki, bu kabi illatlarni fosh etishda kechayu-kunduz tinmay ishlashmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday ko'rinishiga qarshi kurashish halqaro darajada jiddiy yondashuv va o'zaro huquqiy hamkorlik yo'lga qo'yilgan holda amalga oshirilsa o'z samarasini beradi.
Zeroki, odam savdosi – kechirib bo'lmas jinoyat, og'ir gunoh!
Esanov Djaxongir Xashimovich
Jizzax viloyat sudining sudyasi