Korrupsiya bilan bog`liq jinoyatlar haqida
O`z mansab yoki xizmat mavqeini suiste`mol qilish, undan shaxsiy yoki o`zgalar manfaatlarini ko`zlab moddiy yoxud nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanish jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi.
Anglaganingizdek, gap korrupsiya haqida ketmoqda. Bugun jamiyatimizda ushbu illatga qarshi jiddiy kurashilyapti, uning oqibatlari ommaviy axborot vositalari orqali, turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, tadbirlarda aholiga tushuntirilishiga qaramay, afsuski korrupsiyaning kamayishiga erishganimiz yo`q.
Nega korrupsiya degan balodan qutulolmaymiz? Bunga nima to`sqinlik qilmoqda.
Bilamizki, korrupsiya har doim kamida ikki tomon ishtirok etadi, bunda bir tomondan noqonuniy yo`l bilan o`zi yoki uchinchi shaxs uchun boylik orttirayotgan mansabdor shaxs hamda boshqa tomondan mansabdor shaxsdan aktiv yoxud passiv usulda uning manfaatini ko`zlovchi qarorning qabul qilinishini kutayotgan shaxs. Korrupsiyani, soddaroq qilib, o`z nafsi, manfaati yo`lida qonunni ham chetlab o`tish orqali g`arazli maqsadi hamda biror narsaga erishish deyish mumkin.
Bugungi kunda yurtimizda ushbu illatga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo`nalishlaridan biriga aylangan. Uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi ham aniq. Bu borada O`zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo`shilishi muhim qadami bo`ldi.
Uni amalga oshirishning milliy mexanizmi sifatida "Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida"gi Qonun, Prezidentimizning "Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi PQ-5177-sonli va "Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi PQ-81-son Qarorlari qabul qilindi.
Bularning samarali ijrosi natijasida ko`plab jinoyatlar fosh etilmoqda, sodir qilinishi xavfi bo`lganlarining oldi olinmoqda. Buni har kuni ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib boryapmiz. Bu yaxshi albatta. Lekin shularning o`zigina etarli emas. Korrupsiyaga qarshi yanada faol kurashishimiz kerak. Mana shu bizning, barchamizning diqqat e’tiborimizda bo`lishi lozim.
Hayotda turli holatlarga duch kelamiz. Ba’zida ko`z o`ngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, xalqimizda "Kasalni davolagandan ko`ra uning oldini olgan afzaldir" degan naql mavjud. Jamiyatimizdagi har qanday jarayonga loqayd munosabatda bo`lmaslik barchamizning ustuvor burchimizdir, korrupsiyaning har qanday ko`rinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, o`zimizdan boshlashimiz lozim.
Davlat xodimlari o`z mansabidan foydalanib ushbu turdagi jinoyatga qo`l urishidan yoki boshqacha yo`l bilan aralashib qolishdan oldin chuqur mulohaza qilib o`ylab ko`rishlari lozim. Va holangki har-qanday jinoyat uchun jazo muqarrar.
Muxammadi Jo`raev
Jinoyat ishlari bo`yicha
Mirzacho`l tuman sudi raisi