FUQAROLAR VA TADBIRKORLIK SUB’YEKTLARINING UY-JOY BILAN BOGʻLIQ MULK HUQUQI KAFOLATLANISHI TA`MINLANGAN
Ma`lumki, so‘ngi yillarda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va investisiya loyihalarining samarali amalga oshirilishi doirasida fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlanishi ta’minlandi.
Bu xususan, mamlakatimiz bosh qomusi bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47-moddasida ham har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi, davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanishida o‘z aksini topdi.
Xo‘sh, endilikda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning va ko‘rgan zararlarning o‘rni qanday qoplanishi qanday bo‘ladigan bo‘ldi va buni amalga oshirish mexanizimi qanaqa?
Agar, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmasligi belgilanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, mazkur kafolatlar O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 avgustdagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-5491-sonli Farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi “Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 1047-son qaroriga muvofiq ravishda ta’minlash mexanizimi yaratildi.
Albatta, bunda muhtaram Prezidentimizning “Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi” - degan tamoilni hayotga tadbiq etib, qonunchiligimizda fuqarolarning huquq va manfaatlarini kafolatlovchi normalar aks ettirilishidagi mehnatlari diqqatga sazovordir.
Dj.Esanov
Jizzax viloyat sudi
sudyasi