Oilaviy zoʻravonlikka barham beraylik
Ayollarga nisbatan zoʻravonlik jinsiy va jinsga asoslangan zoʻravonlikda ifodalanadigan, asosan, xotin-qizlarga nisbatan qilinadigan zoʻravonlik harakatlaridir. Ushbu turdagi jinoyatlar, asosan xotin-qizlarga, ularning jinsi uchun sodir etilib, ushbu holat turli shakllarda namoyon boʻladi.
Bunday zoʻravonlik hodisalari va ularning intensivligi vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib, hozirgi kunda ham jamiyatlar orasida farqlanadi. Ushbu holatlarga, koʻpincha, jamiyatda yoki shaxslararo munosabatlarda ayollarni boʻysundirish mexanizmi, yaʼni, jamiyatda shakllangan “Ayollar erkaklardan bir pogʻona past boʻlishi kerak” degan notoʻgʻri tushuncha omil bolib xizmat qilmoqda.
Zoʻravonlik oʻz tabiatiga koʻra “oilaviy zoʻravonlik”, “jinsiy zoʻravonlik” hamda “maishiy zoʻravonlik” sifatida namoyon boʻladi.
Oilaviy zoʻravonlik – oʻz koʻlamiga koʻra global muammo. U turmush darajasidan qatʼiy nazar, barcha mamlakatlarda kuzatiladi. Ayollardan nafratlanuvchi erkaklarni faqat qashshoq yoki badavlat, oliy maʼlumotli yoki maʼlumoti yoʻq, yevropalik yo osiyolik deb ajratib boʻlmaydi. Bundaylarning alohida bir millati yo eʼtiqodi boʻlmaydi.
Bizning mamlakatimizda maishiy yoki “oilaviy zoʻravonlik”ka koʻpincha bir oila muammosi sifatida qaralgan. Odamlar bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qilishadi. Aksariyat holatlarda zoʻravonlik qurboni sharmandalik va turli gap-soʻzlardan qoʻrqib, jim yurishga majbur boʻladi. Zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayol har tomonlama qiyin holatda qoladi. Oxir-oqibat bu doimiy qoʻrquv, depressiya, oʻz joniga qasd qilish kabilar bilan tugaydi.
Maishiy zoʻravonlik nima? Maishiy zoʻravonlik – bir inson oʻz umr yoʻldoshini total nazorat ostiga olib, oʻzaro munosabatlarda toʻliq hukmronlik qilishga urinishi. Bu jismoniy va axloqiy ustidan kulish holatlarida yoki moliyaviy holatini suisteʼmol qilishda namoyon boʻlishi mumkin.
Ayol tahqirlanadi, tanqid qilinadi, unga, farzandlariga, qarindoshlariga ziyon yetkazish bilan tahdid solinadi, doim nazoratda boʻladi.
Shu sababli, zoʻravonlikka qarshi yolgʻiz kurashib boʻlmaydi. Qoʻrqib yashovchi, ruhiy jihatdan ezilgan zoʻravonlik qurboni aniq va shafqatsiz qarorlar qabul qilish holatida boʻlmaydi. Bu yerda nafaqat yaqinlarning, balki davlat tomonidan ham qoʻllab-quvvatlash kerak boʻladi. Zero zoʻravonlik, eng avvalo, shaxsga qarshi jinoyat, shaxsiy erkinlik huquqlarining buzilishidir.
Muxammadi Joʻrayev
Jinoyat ishlari boʻyicha
Mirzachoʻl tuman sudining raisi