Телефонлар:
(0372) 312-21-11
(0372) 312-14-44

BAHOYINGIZ QANCHA?

29 ноябрь 2023 йил
191
0

 

Shoir Abdulla Oripov suhbatlaridan birida poraxo‘rlik illatini tirnoqqa o‘xshatgan edi, ya’ni u o‘sib chiqaveradi, faqat muntazam qirqib turish kerak. Darhaqiqat, korrupsiyani batamom yenggan mamlakat yo‘q, ammo uni jilovlaganlar bor – bu davlatlar tajribasi esa bizga asqatishi shubhasiz. Yaqinda onamdan bir gap eshitgan edim. Hamkasb dugonasi nabirali bo‘libdi. Shifoxonadagi doya ayoldan tortib, onaga qarovchi hamshiralarning ham barchasi “suyunchidan” umidvor, kishining qo‘liga qarashidan nolibdi. Yana “menga pul tegmadi” deb arazlab qolganlarining ham topilgani judayam kulgili. Bugun yorugʻ dunyoga kelgan mittigina goʻdakning kichik boshi ham korrupsiyaga urilmayaptimi deb o‘ylab qolasan kishi. Hali bu boshlanishi, goʻdakni kasalxonadan olib chiqmasidan qaynona kelinning onasiga olib kelinishi lozim boʻlgan narsalarning roʻyhatini tutqazganini aytmaysizmi. Bola tugʻruqxonadan chiqishi bilan katta beshik toʻy qilishar emish. Qizning ota-onasi borini toʻkib, farzandining tinchini oʻylaydi. Mana shu “tinchi”ni oʻylab hali nechta marosimlarni katta dabdaba bilan oʻtkazib beradi. Biz korrupsiya deganda, beli sinmay olingan moʻmaygina daromadni tushunishga oʻrganib qolganmiz. Aslida uning boshqa turli koʻrinishlari ham mavjud emasmi?! Korrupsiya deydigan boʻlsak, yon atrofimizda u toʻlib-toshib yotibdi. Har safar boshligʻimiz poytaxtga borganida, yuqoridagi boshliqlarimiz yoniga bir dunyo sovgʻa-salomlar bilan ketadi. Albatta, biz buni mehmondorchilikka, qoʻli ochiqlikka yoʻyamiz. Shunchalik sahiy ekanmiz, xoʻsh nega unda pulga juda muhtoj qoʻshnimizdan ozgina yordamimizni qizgʻonamiz?! Yoki muhtojlarga kelganda “qoʻli ochiqlik” xislatimiz yoʻqolib qoladimi? Mansabi bor tanishlarimizga salom-alikni juda maromiga yetkazib qoʻyishimiz ham bor gap. Garchi bizga zarracha foydasi tegmasa ham undaylarga uyimizning toʻridan joy beramiz, toʻy-marakaning eng avvalida ularni chaqiramiz. Kishi esini taniy boshlashi bilan oʻz shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun bilib ulgʻayadi. Negaki atrofimizdagi odamlarning oʻzi  bizga shuni bolalikdan singdiradi. Xatto oʻzim guvohi boʻlganman, baʼzi oilalarda farzandining qaysi kasb egasi boʻlishini ham bozor iqtisodiyotidan kelib chiqib, ota-onaning oʻzlari belgilab berishadi. Murgʻak bola holidan mana shunday manfaatli qarorlar iskanjasida qolgan odamdan kelgusida nimaniyam kutish mumkin axir?! Biz korrupsiyaga qarshi “vaksina”ni, eng avvalo  oiladan boshlashimiz kerak. Farzandimizga uning oʻzi eng katta boylik ekanligini, harakati va bilimi orqaligina mol-davlatga ega boʻla olishini uqtirishimiz shart. Aksariyat hollarda yoshgina maktab oʻquvchilarining ham belini ogʻritmasdan pul topish haqida oʻylashlari  kishini choʻchitadi. Yaqinda eshitib qolgandim, falon qishlogʻidagi “oydekkina” qiz Toshkentga oʻqigani ketib, bir oilali boy erkak bilan sevishib qoladi. Birgina “ayfon” olib bergani  uchun ota-onasining yuzini yerga qaratadi. Bu voqea judayam ayanchli emasmi axir?! Bunday voqealarni sanasam juda koʻp. “Ayfon” nima boʻlibdi, qancha oʻziga ishongan, bilimli yoshlar Oyga uchyapti, yangi kashfiyotlar qilayotgan bir paytda, oʻzbek qizining osongina boyib ketish  “orzu”si fojiali emasmi?! Bizga singib ketgan bir odat borki, u bizning eng katta dushmanimizdir. Oʻqishda, ishda, koʻcha-koʻyda oʻz manfaatlarimiz uchun ishimizni oson yoʻl bilan bitirishga, pora berishga yoki tanish-bilishlarni ishga solishga harakat qilamiz.

Haqiqat uchun kurashishga hech birimizda toqat yoʻq. Xohlaymizmi-yoʻqmi, barchamiz ishimizni bitirishning oson usulini koʻzlaymiz. Oʻzimizni ayaymiz, hamma qilayotgangan ishni takrorlaymiz. Vaqti soati yetib omonatini topshirgan marhumning ham azasini moddiyat bilan bogʻlab yubordik. Pul tarqatish, mato berish, hatto baʼzi boylarning goʻrkovga “koʻki”dan qistirishi ham odat tusiga aylanib borayapti.  Aytingchi, bu ketishda biz qay manzilga yetamiz?! Oʻzligimizni yoʻqotib qoʻymayapmizmi?! Ogʻriqli savollar juda koʻp, ammo joʻyali javob topilmaydi. Ammo, bir haqiqat borki, biz parvarish qilayotgan farzand, faqat bizniki emas – u jamiyatniki! U ertangi kelajakning egasi. Shunday ekan uning tarbiyasi juda ahamiyatli! Bolaga goʻdakligidanoq, unga Ishonch bildiraylik! Eng avvalo, uning oʻzi QIMMATli ekanligini, oʻz qadrini  arzimas buyumlar bilan alishmasligini, oʻz kelajagi uchun koʻproq bilim olishi, mehnatdan qochmaslik nihoyatda zarur ekanligini uqtiraylik! Zero, INSON - Alloh yaratgan eng buyuk moʻjiza! Agar bizga berilgan umrdan oqilona foydalana olmasak, oʻz qadrimizni, chin insoniy fazilatlarimizni asray olmasak, ertaga nima degan odam boʻlamiz?! Endi oʻylab koʻring, sizning oʻzingizga beradigan bahoyingiz qancha?!

 

 Sarvinoz MAMANOVA

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

Hunardan oyoqqa turgan Gulbahor Akaboyeva
25 сентябрь 2023, Понедельник
Hunardan oyoqqa turgan Gulbahor Akaboyeva
Mirzacho‘lda aliment to‘lashdan qochgan ota 15 sutkaga qamaldi.
28 август 2023, Понедельник
Mirzacho‘lda aliment to‘lashdan qochgan ota 15 sutkaga qamaldi.
KORRUPSIYA - QONUNGA XILOF PUL DAROMADLARI
29 январь 2022, Суббота
KORRUPSIYA - QONUNGA XILOF PUL DAROMADLARI
“Ta'lim ва tаrаqqiyot”
10 январь 2022, Понедельник
“Ta'lim ва tаrаqqiyot”
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар