Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda hamda «Korrupsiyasiz soha» loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘ngi yillarda mazkur sohada bir qator O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda ushbu qonun bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarga oid Farmon va Qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga oid 210, 211, 212, 213-moddalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Xush! Korrupsiya o‘zi nima va uning ijtimoiy xavflilik xususiyati nimada? Shuningdek uni sabab va shart-sharoitlarini qanday qilib oldini olish mumkin?
Bunda korrupsiya tushunchasiga O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida ta’rif berib o‘tilgan bo‘lib, korrupsiya— shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish hisoblanadi.
Ushbu Qonunning 7-moddasiga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.
Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishda mazkur davlat organlari aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlaydi.
Bundan anglashiladiki, Yangi O‘zbekistonimizda korrupsiyaga qarshi bir qator qonun hujjatlari qabul qilinayotganligi va uning ijrosi yuzasidan joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga oid 210, 211, 212, 213-moddalariga javobgarlik chorasini kuchaytirish bilan bog‘liq bir qator o‘zgartishlar kiritilganligi davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish ham yangi pog‘onaga chiqdi deyish mumkin.
Shunday ekan, har birimiz endilikda mamlakatimiz ravnaqi uchun ushbu illatga qarshi kurashish asosiy burchimiz bo‘lmog‘i lozimdir.
Dj.Esanov
Jizzax viloyat sudi
sudyasi